XITOYNING YETAKCHI ONKOLOGIYA MARKAZI BILAN HUJAYRA TERAPIYASI YO‘NALISHIDA HAMKORLIK YO‘LGA QO‘YILDI
Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti Xitoy Xalq Respublikasining onkologik kasalliklarni zamonaviy hujayra terapiyalari, xususan CAR-T (Chimeric Antigen Receptor T-cell) texnologiyasi asosida davolash bo‘yicha yetakchi tibbiyot muassasalaridan biri — Beijing Cancer Hospital bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.
Mazkur hamkorlik doirasida tomonlar hujayra terapiyasi yo‘nalishidagi ilg‘or ilmiy tajribalarni o‘rganish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda innovatsion biotexnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Uchrashuvda Beijing Cancer Hospital vakili tomonidan CAR-T hujayra terapiyasining bugungi kunda onkologik kasalliklarni davolashdagi o‘rni, ushbu yo‘nalishdagi ilmiy yutuqlar hamda Xitoyning amaliy tajribasi haqida batafsil ma'lumot berildi.
Mazkur hamkorlik Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot institutida hujayra terapiyasi va zamonaviy biotexnologiyalarni rivojlantirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda onkologiya yo‘nalishida innovatsion yechimlarni joriy etish borasidagi muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.